четверг, 2 января 2014 г.

REKLAMASIYAM BOR BO`LSIN!



— Voy, oyoqlarim biram zirqirab og‘riyaptiki...
— Opa, oyog‘ingiz og‘risa, voy-voylab yurmay “Dikloran plyus”, “Fas­tum gel”, “Sinepar aktiv”lardan suring, darrov og‘riqdan qutulasiz.
— Shifokormisiz, singlim?
— Yo‘g‘-a, kotibaman. Har kuni televizorda shu dorilarni reklama qilishyapti-yu. Hozir shifokorga borib vaqt ketkazadigan zamon emas.
Qulog‘imga chalingan bu qisqa suhbat reklamaning insonlar orasida qanchalar ommalashgani va ta’sir o‘tkazayotganiga yana bir karra ishontirdi.

Televizorni qo‘yaman. Kino va ko‘rsatuvlar oralig‘ida berilayotgan reklamaning 80 foizini dori-darmonlar egallagan. Go‘yo biror epidemiya tarqalgan-u, butun diqqat-e’tibor ana shu kasallikni bartaraf etishga qaratilgandek. Bahordan boshlab kuzgacha davom etgan pechene, salqin ichimliklar reklamasi kunlar sovishi bilan o‘rnini shamollash va tomoq og‘rig‘iga qarshi antibiotiklar targ‘ibotiga bo‘shatib beradi.
Reklamaning ta’sirchan kuchi isbotlangan. Bu biznes masalalariga rivoj beradi. Ammo dori-darmonlarning haddan oshiq reklamasi insonlarni tibbiy madaniyatini pasaytirib va sog‘lig‘iga nisbatan bee’tibor qilib, oson usulni tanlashga undab qo‘ymayaptimi? Masalan, jigari xasta bir tanishim shamollab qolgandi. Kasalxonada davolanaverib, zada bo‘lganidanmi, shifokorga uchragisi kelmadi. Reklama qilinayotgan turli dorilarni ichib, o‘zicha davolandi. Oxir-oqibat yana jigari og‘rib qolib, kasalxonaga tushdi.
Reklamaga mashhur kishilarni olib chiqish urf bo‘lgandi. Dori-darmonlar reklamasiga ham bu kirib keldi. Faqat aktyor yoki qo‘shiqchi emas, mutaxassis: “Men falon yildan beri tibbiyot sohasida ishlayman”, deb ekranda ko‘rinadigan bo‘ldi. Bu esa ommani yanada ishontiryapti.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida bir qancha belgilar qatorida bo‘rttirib yuborilgan reklama ham noto‘g‘ri reklama deb hisoblanishi va bunday reklama taqiqlanishi aytilgan. Hozirgi reklamalarda esa aynan shu jihat ustuvor. Qayta-qayta qo‘yilaverganidan bog‘cha bolasi ham reklama matnini yodlab olgan. Umuman, ularga reklamadagi dorilarni qabul qilish vaqti, bir-biriga to‘g‘ri kelish-kelmasligini o‘rgatib qo‘ysakmikin. Qarabsizki, jajji do‘xtirlar tayyorda.

Manba: Bir paytla eski blogim bolardi http://aralash.vo.uz/news/2007-07-21-194 shundan olib qoya qoldim.